Atrof-muhitni himoya qilish siyosati
O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zining asosiy qadriyatlaridan biri bo‘lgan musaffo havo, farovon hayot va yashil makonni saqlab qolishda uglerod neytralligiga erishish strategiyasini ishlab chiqdi. Barqaror iqlim siyosati barqaror rivojlanish maqsadlarining quyidagi yo‘nalishlari: yashil makon, toza energiya, iqlimni muhofaza qilish, transport, barqaror xaridlar, nol chiqindilar, oziq-ovqat xizmati, suvni tejash, sog‘liqni saqlash, ishlash baholash, salomatlik va farovonlik kabi amaliy maqsadlarni o‘zi ichiga oladi:
Barqaror iqlim strategiyasi doirasida 2020 yil 5 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini tubdan isloh qilish masalalari to‘g‘risida” o‘tkazilgan 19-sonli yig‘ilish bayonining 14-bandiga (Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida kadrlarni tayyorlash) asosan universitet tarkibiga “Ekologiya” fakulteti tashkil etildi. Ekologiya fakulteti universitetda eng yosh, shu bilan bir qatorda Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.
Bundan tashqari, Gidrometeorologiya fakulteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirliri to‘g‘risida” 2020 yil 17 noyabrdagi PQ-4896-son qarori va O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining 2021 yil 17 iyundagi №01-265-sonli bo‘yrug‘i asosida tashkil etildi.
Professor-o‘qituvchilar tomonidan gidrologiya, gidrometeorologiya, meteorologiya sohalarining bugungi kundagi dolzarb muammolari bo‘lgan muzlarning erishi va ularning monitoringi, daryolarning kam suvlilik siklini aniqlash, xavfli gidrologik hodisalarning shakllanishi va ularni barvaqt aniqlash usullari, tabiiy suv havzalarining gidrologik rejimi va ularning iqlim o‘zgarishi sharoitida monitoring qilish va saqlab qolish bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda.
Hozirgi kunda universitet professor-o‘qituvchilari Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti xodimlari bilan hamkorlikda “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida tog‘ muzliklari massasi balansi o‘zgarishining monitoring tizimini va muzliklarning kelajakdagi holatini tavsiflovchi texnologiyalarni ishlab chiqish”, “Masofadan zondlash asosida O‘zbekiston tog‘ tizmalaridagi muzliklarning degradatsiya jarayoni dinamikasini o‘rganish”, Qishloq xo‘jaligi, suv va energiya resurslarini barqaror rivojlantirish uchun yer usti kuzatuvlari va geostatsionar meteorologik sun’iy yo‘ldoshlardan olingan quyosh radiatsiyasi ma’lumotlaridan kompleks foydalanish”, “O‘zbekiston va Hindistonning qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil daryolari havzalarida suv taqchilligi hamda qurg‘oqchilikka to‘g‘onlar va iqlim o‘zgarishi ta’sirini baholash”, “Metall oksidlari asosida suvni organik ifloslantiruvchi moddalardan tozalash uchun fotokatalitik qoplamalarni yaratish”, “Quyosh nuri ta’sirida suvni fotokatalitik parchalab vodorod olish: nanostrukturali fotokatalizatorlarni sintezlash va xossalarini nazariy va eksperimental tadqiq etish” kabi iqlim muhofazasiga doir mavzularda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.
Bundan tashqari, universitetning yetakchi professor-olimlari atrof-muhitni himoya qilish borasida ixtisoslashgan maxsus maktab va litsey o‘quvchilari uchun “Respublikamizning sanoat korxonalaridagi mavjud muammolarni yechimiga qaratilgan “Start – ap” innovasion va amaliy loyihalar yozish” mavzusidagi seminar treninglar o‘tkazib, yoshlarni iqlim inqirozi bilan bog‘liq muammolarni yechish jarayoniga jalb qiliga ko‘maklashadi.
Universitet talabalarini atrof-muhit va iqlim muhofazasiga ko‘proq jalb qilish hamda ularda kasbiy malakani mustahkamlash maqsadida universitet rektori tomonidan ochiq mashg‘ulot-treninglar o‘tkazilib kelinadi.
Iqlim muhofazasiga qaratilgan barqaror strategik siyosatlar bugungi kunda yuzaga kelgan atrof-muhit, iqlim o‘zgarishi va issiqxona gazlari bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarga o‘z vaqtida yechim topishiga ko‘maklashadi degan umiddamiz.