Uglerod neytralligi Harakati

Uglerod neytralligi tendensiyasi boshqa kompaniyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Uglerod neytralligi – bu kompaniya o‘z ishlab chiqarish faoliyati davomida karbonat angidrid va uning ekvivalent chiqindilarini nolga tushirganligini yoki uglerod-salbiy loyihalar orqali bu chiqindilarni qoplash yoki kompensatsiya qilishini bildiruvchi atama.

Olimlar kompaniya chiqindilarini qamrab olishning uchta sohasiga ajratadilar.

 – Birinchi qamrov (Scope-1) – ishlab chiqarish jarayonida korxonaning bevosita chiqindilari.

Ikkinchi qamrov (Scope-2) energiya iste’moliga tegishli. Kompaniya energiyani qanday manbalardan olishini tushunish kerak: ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalari, atom elektr stansiyalari, gidroelektrostansiyalar va boshqalar.

Uchinchi qamrov (Scope-3) mahsulotning hayot aylanish jarayonining butun zanjirini o‘z ichiga oladi: xom ashyoni sotib olish, yetkazib berish, sotish, foydalanish, utilizatsiya qilish va boshqalar, ya’ni ishlab chiqaruvchiga bevosita bog‘liq bo‘lmagan chiqindilar.

Uglerod neytralligiga erishishning uchta asosiy usuli mavjud bo‘lib, kompaniyalarning faoliyatiga doir qamrovlarni o‘rgangan holda takliflar kiritiladi:

  1. to‘g‘ridan-to‘g‘ri emissiyalarni qisqartirish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish – gidroenergetika, quyosh energiyasi, shamol energiyasi (Scope 1-2);
  2. havodan CO2 ni bevosita ushlash;
  3. uglerod chiqindilarini kamaytiradigan loyihalarga sarmoya kiritish orqali kompensatsiya qilish.

Muammo shundaki, uglerod neytralligiga o‘tish iqtisodiy cheklovlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. To‘g‘ridan-to‘g‘ri emissiyalarning qisqartirish ko‘pincha ishlab chiqarish hajmining pasayishi va shuning uchun korxona daromadining pasayishiga olib keladi. Agar ishlab chiqarish hajmini pasaytirilmasa, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytiradigan texnologiyalarga moliyaviy investitsiyalarni kiritish talab qilinadi.

Odatda uglerod neytralligi tamoyilini qo‘llay boshlagan kompaniya ikki yo‘nalishda ishlashi lozim. Mahsulotni ishlab chiqarish va tashish jarayonida ularning chiqindilarini kamaytirish, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish kompaniyaning ustuvor yo‘nalishi bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish – ayrim sabablarga ko‘ra olib tashlanishi mumkin bo‘lmagan chiqindilarni qoplash uchun uglerod izini kamaytiradigan va iqlim sharoitini muvozanatga keltiradigan loyihalarga sarmoya kiritishi lozim bo‘ladi.

Scroll to Top