O‘zbekiston Milliy universiteti
Talabalarining “Ekofidokorlar” to‘garagi
O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari akademik ta’lim olish bilan bir qatorda, jamiyat uchun foydali loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etadilar. Talabalar, birinchi navbatda jamiyatga g‘amho‘rlik qilish, barqaor ijtimoiy-iqtisoliy rivojlanish yo‘lidagi mavjud bo‘lgan muammolarga yechim topish, to‘siqlar va qiyinchiliklarni yengib o‘tish ko‘nikmalarini shakllantirishlari lozim. Insoniy va professional ko‘nikmalar bilan, ular ulg‘ayib kelayotgan yosh avlod vakillariga o‘rnak bo‘lib, bilim va tajribalari bilan jamiyatning o‘rta va past qatlamlarida yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashadilar.
1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 yil tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida ekologik ta’limni rivojlantirishning konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 434- sonli qarorida keltirilgan bandlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy universiteti Ekologiya fakulteti qoshida “Ekofidokorlar” to‘garagi tashkil etilgan bo‘lib, global ekologik muammolar, mintaqaviy va O‘zbekistondagi atrof-muhit muhofazasiga oid masalalarni o‘rganish, biologik xilma-xillikni saqlashga yo‘naltirilgan. To‘garak fakultet talabalarining intellektual, tarbiyaviy ishlar sifatini oshirib, madaniy va ma’naviy rivojlanishida va talabalarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazishga qaratilgan.
O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari ham atrof-muhitni himoya qilishda o‘z mas’uliyatlarini his qiladilar. Va universitetda amalga oshiriladigan turli xil ijtimoiy va ekologik aksiyalarda ishtirok etadilar: ilmiy konferensiyalar, uchrashuvlar, davra suhbatlari, to‘garaklar, obodonlashtirishga qaratilgan ommaviy xasharda ishtirok etish, axlat yig‘ish, ariqlarni tozalash, daraxt ekish, yashil makon tashkil etish, kutubxonada yoki boshqa ommaviy tadbirlarda ko‘ngilli bo‘lish, ehtiyojlari borlarda ko‘maklashish, nafaqaga chiqqan professor-o‘qituvchilar uyiga borib xabar olish va x.z.
Shuningdek, talabalar uglerod chiqindilarini kamaytirish maqsadida, bir marta ishlatiladigan plastik mahsulotlar iste’molini kamaytirish, qog‘oz va metall chiqindilarni ajratish va qayta ishlash qutisiga tashlash, suvni isrof qilmaslik, elektr energiyani tejash, muqobil elektr energiyadan foydalanish, ommaviy transport vositalaridan foydalanish, yoqilg‘i iste’molini kamaytirish kabi atrof-muhitni barqaror saqlab qolishga ko‘maklashadigan aksiyalarda ishtirok etadilar.