O‘zbekiston Milliy universiteti Yoshlar ittifoqi Boshlang‘ich tashkilotining tashkiliy tuzilmasi
O‘zbekiston Milliy universitetida yigirma mingdan ortiq talabalar tahsil olishadi. Yoshlar hayoti, faoliyati, ilm olishlari, salomatliklari, farovon turmush tarzi kabi masalalarda universitet rahbariyati turli tadbirlar, konferensiyalar, madaniy uchrashuvlar, kasbiy amaliyotlar, tanlovlar, forumlar, festivallar, intellektual musobaqalar, sayohatlar, seminar-treninglar tashkil etadi.
Yoshlarni san’at va madaniyat, sport va sog‘lom turmush tarzi, axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, shuningdek faol yoshlarni rag‘batlantirish borasidagi vazifalarini o‘z ichiga olgan muhim tashabbusni amalga oshirib keladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyundagi PQ-4768-sonli qarori talablaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Milliy universitet boshqaruvi tizimida Yoshlar yetakchilar kengashi tuzilgan va o‘z faoliyatini yuritmoqda.
Yoshlar yetakchilar kengashi o‘z faoliyatida yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, universitetda faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlar vakillarining taklif va mulohazalarini ilgari surish, talaba va yosh xodimlarni ishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini tashkil etish, ularni sportga keng jalb etish kabi vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining O‘zbekiston Milliy universitetidagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchiligiga o‘tkazilgan saylov yig‘ilishi bayoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining O‘zbekiston Milliy universitetidagi boshlang‘ich talabasi To‘xtayev Ulug‘bek 2021 sentyabr oyidan o‘z faoliyatini boshladi. Boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tegishli mahalliy kengashlari hamda O‘zbekiston Milliy universiteti omonidan muvofiqlashtirib boriladi.
Yoshlar yetakchisi O‘zbekiston Milliy universitetining barcha Kengashlari va yoshlar masalasiga oid boshqa komissiyalarga a’zo sifatida kiritiladi. Yoshlar yetakchisi Ittifoqning mahalliy kengashi va O‘zbekiston Milliy universiteti rektoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadi.
Boshlang‘ich tashkilotlar yoshlar yetakchisi va yetakchilar kengashi a’zolari faoliyat yo‘nalishi, qiziqishi hamda yoshlarning talab va istaklaridan kelib chiqqan holda, Ittifoqning mahalliy va hududiy kengashlari qoshida o‘z tashkilotlari (uyushmalar, markazlar, klublar, to‘garaklar va boshqalar)ni tuzish tashabbusini bildirishi yoki mavjud tashkilotlarga ixtiyoriy qo‘shilishi mumkin.
Boshlang‘ich tashkilot o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, amaldagi qonun hujjatlari, O‘zbekiston yoshlar ittifofining Ustavi, O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda Nizom asosida amalga oshiradi.
Boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi – ta’lim muassasalarida yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun munosib sharoit yaratib berishga ko‘maklashish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda har tomonlama barkamol shaxslar bo‘lib yetishiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.
Boshlang‘ich tashkilot o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘yadi:
- Yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ongiga milliy istiqlol g‘oyasi, milliy qadriyatlar, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va oilaviy qadriyatlarni chuqur singdirish;
- – Yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlaridan belgilangan fuqarolik huquq va burchlarini anglatish, ularga mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik va huquqiy islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish;
- – O‘zbekiston Milliy universiteti yoshlarining muammolari, ta’lim sifati, fanlarni o‘zlashtirish darajasi, davomati, darsliklar va kutubxonadan foydalanish darajasini o‘rganib borish, yoshlar murojaatlarini ko‘rib chiqish va hal etishga ko‘maklashish;
- – Yoshlarning chuqur bilim olishi, chet tillarini o‘rganishi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashi hamda ularni kasb-hunarga yo‘naltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- – Iste’dodli yoshlarni kashf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish, intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashadigan klub va to‘garaklar faoliyatini tashkil etish;
- – Imkoniyati cheklangan hamda maxsus ehtiyojli yoshlarning inklyuziv ta’lim olishi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan ishlarni qo‘llab-quvvatlash;
- – Notinch oila farzandlari, tarbiyasi og‘ir va nosog‘lom muhitga tushib qolgan yoshlarning jamiyatga moslashuvi hamda darslarni muntazam qoldirib kelayotgan talabalarni ta’lim jarayoniga qaytarish, qizlar o‘rtasida erta nikohlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borish;
- Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;
- Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish;
- Yoshlarda “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi zararli illatlar, axborot xurujlari, diniy aqidaparastlik, missionerlik va ekstremistik g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish;
- OTM yoshlari o‘rtasida yoshlar turizmini rivojlantirish, ularning o‘zlari yashayotgan hududdagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar, muzeylar, teatrlar, mustaqillik davrida barpo etilgan inshootlarga tashrifni uyushtirish;
- Yoshlar, ayniqsa, qiz bolalar o‘rtasida sportni keng targ‘ib etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash va turli sport-musobaqalarida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish;
- Yoshlarga tibbiy madaniyat, xususan, kasalliklardan himoyalanish yo‘llarini keng tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish;
– Yoshlar o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish orqali ularda ekologik madaniyatni yuksaltirish, ekologik tashabbuslarni qo‘llab quvvatlash.
- Boshlang‘ich tashkilotning tashkiliy tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
- Yoshlar yetakchisi saylovi;
- Umumiy yig‘ilish;
- Yoshlar kengashi (yoshlar yetakchisi, yoshlar kengashi yetakchilari)
- Fakultet yoshlar kengashi;
– Talabalar turar joyi, mehnat jamoasidagi yetakchi;
– Boshlang‘ich tashkilot qoshidagi tuzilmalar (to‘garaklar, klublar va boshqalar)
Yoshlar yetakchisining saylash jarayoni
Yoshlar yetakchisining saylovi har o‘quv yili boshi (sentyabr oyi)da o‘tkaziladi. Ittifoq boshlang‘ich tashkilotlarning rahbar organi hisoblanadi. Umumiy yig‘ilish har chorakda bir marta o‘tkaziladi. Umumiy yig‘ilishda yoshlar kengashi, fakultet kengashi, guruh yetakchilari va Ittifoq a’zolari ishtirok etadi. Yoshlar kengashi fakultet bo‘yicha, O‘zbekiston Milliy universiteti hududiy va respublika miqyosida saylanadi hamda faoliyat olib boradi.
Yoshlar yetakchisi lavozimiga ko‘rilayotgan nomzodlar: 35 (o‘ttiz besh) yoshdan oshmagan, yoshlar bilan ishlash amaliyotiga ega, yetakchilik qobiliyati, notiqlik mahorati, tashabbuskorlik va fidoyilik xususiyatlariga, boshqaruv qobiliyati, tashkilotchilik, jamoat bilan ishlash va ish yuritish bo‘yicha bilim-ko‘nikma hamda muayyan ish tajribasiga, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ishlash bo‘yicha malakaga, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qiluvchi buzg‘unchi g‘oya va mafkuralar, ma’naviy tahdidlar, zararli illatlar haqida yetarli tasavvurga, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga oid davlat siyosati va ta’lim-tarbiya jarayoniga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlar hamda Yoshlar ittifoqi faoliyat tartibi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
Yoshlar yetakchisi saylovi O‘zbekiston Milliy universitet talabalari, yosh xodimlarining umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Yoshlar yetakchisi O‘zbekiston Milliy universitetining talabalari va yosh professor-o‘qituvchilari orasida saylanadi. Yoshlar yetakchisi lavozimiga nomzod hujjatlarini har o‘quv yilining 10 sentyabr kuniga qadar O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyatiga taqdim etadi. Nomzodlarga saylovoldi tashviqotni olib borish uchun 10 kun (o‘n kun) muddat (11 santyabrdan 20 sentyabrgacha) beriladi. Nomzodlar bu vaqt oralig‘ida saylovchilarni o‘z dasturlari bilan tanishtiradi. Yoshlar yetakchisi saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish ochiq va oshkora tarzda amalga oshiriladi. Saylovoldi tashviqoti saylov kunidan bir kun oldin to‘xtatiladi. Saylovlar 22 yoki 23 sentyabr kuni soat 8:00 dan soat 18:00 gacha o‘tkaziladi. Saylovda saylovchilarning nisbatan ko‘p ovozini to‘plagan nomzod yoshlar yetakchisi etib saylangan hisoblanadi.